Harbiy qismga tashrif yoshlar uchun imkoniyat eshigini ochdi
2026-03-12 10:25:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida yoshlarga harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan qulay xizmat sharoitlari, keng ko‘lamli imkoniyatlar, ijtimoiy himoya tizimi hamda imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, yoshlar uchun harbiy qism hududida ko‘rgazmali va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, harbiy texnika va jihozlar namoyishi o‘tkazildi. Mutaxassis harbiy xizmatchilar tomonidan zamonaviy qurol-aslaha turlari, ularning qo‘llanilish tartibi hamda harbiy xizmatning kundalik faoliyati haqida tushunchalar berildi.
Tadbirning muhim qismi sifatida komandirlar va rahbarlar ishtirokida yoshlar bilan yakka hamda jamoaviy tarzda davra suhbatlari tashkil etildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan ushbu muloqotlar davomida yoshlarni qiziqtirayotgan savollar tinglanib, ularni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganildi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, mavjud masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan zarur tavsiyalar va amaliy ko‘maklar berildi.
Tadbir davomida yoshlar harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, uning sharafli va mas’uliyatli jihatlari haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, kasbiy rivojlanish istiqbollari hamda harbiy sohada o‘z o‘rnini topish yo‘llari haqida muhim ma’lumotlar taqdim etildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqot va uchrashuvlar yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va yurt himoyachisi bo‘lishdek maqsadlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, harbiy qism va yoshlar o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish imkonini ham yaratadi.
Nukus garnizonida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” yoshlar uchun nafaqat harbiy hayot bilan yaqindan tanishish, balki o‘z kelajagini aniq maqsadlar sari yo‘naltirish, yangi imkoniyatlar sari dadil borishlari uchun muhim qadam bo‘ldi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









