Mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2026-03-11 17:45:00 / Yangiliklar

Marosimda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosari, tuman mudofaa ishlari boshqarmasi rahbari, shahar hokimi o‘rinbosari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni rahbarligida milliy armiyamiz izchil isloh qilinib, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligining ishonchli kafolatiga aylanayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, harbiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat va ish sharoitlarini yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari armiyamiz nufuzi va salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tuman mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i ta’kidlaganidek, mazkur bino harbiylarni sifatli tayyorlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularning o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori darajada tashkil etish imkonini yaratadi.
Yangi bino zamonaviy texnika va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlanib, fuqarolar va harbiy xizmatchilar uchun qulay hamda samarali xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi. Bu esa yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, chaqiruv jarayonlarini sifatli tashkil etish hamda vatanparvarlik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida mehmonlar yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.
Toshkent harbiy okrug matbuot xizmati









