Harbiy tibbiyotda xalqaro hamkorlik
2026-03-11 17:10:00 / Yangiliklar

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida soʻnggi yillarda xalqaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi. Turli davlatlar bilan yoʻlga qoʻyilgan tibbiy hamkorlik dasturlari nafaqat mutaxassislar malakasini oshirish, balki harbiy tibbiyot tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Sohada malakali kadrlar tayyorlash, shifokorlarning kasbiy salohiyatini oshirishda xalqaro tajriba almashuvi alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda tibbiyot sohasida qoʻllanilayotgan zamonaviy usullar, innovatsion texnologiyalar va ilgʻor amaliyotlar shifokorlar malakasini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Markaziy harbiy klinik gospital shifokorlari uchun xorijiy davlatlarda malaka oshirish imkoniyatlari yaratilgan. Soʻnggi yillarda harbiy shifokorlar turli davlatlarda oʻtkazilgan tibbiy seminarlar, amaliy mashgʻulotlar va ilmiy konferensiyalarda ishtirok etib, zamonaviy tibbiy yondashuvlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Bunday tajriba almashuvi natijasida gospitalda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyatlari kengayib, davolash jarayonlarida zamonaviy metodlar qoʻllanila boshladi. Eng muhimi, bu ishlar harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda Markaziy harbiy klinik gospitalda xalqaro hamkorlikning yana bir muhim bosqichi amalga oshirilmoqda. Hindistonlik harbiy shifokorlar bir oylik malaka almashish dasturi doirasida gospitalga tashrif buyurgan. Ushbu tashrif doirasida ikki davlat mutaxassislari oʻrtasida amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekistonlik va hindistonlik shifokorlar birgalikda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish, tashxis qoʻyish va davolash jarayonlarini tashkil etishda oʻzaro tajriba almashmoqda.
Ayniqsa, yuqori aniqlikni talab qiladigan operatsiyalar, zamonaviy jarrohlik usullari, reabilitatsiya jarayonlarini tashkil etish kabi masalalarda mutaxassislar oʻrtasida oʻzaro fikr va tajriba almashuvi olib borilmoqda. Bu esa har ikki mamlakat tibbiyot mutaxassislari uchun muhim amaliy maktab vazifasini oʻtamoqda. Harbiy tibbiyot sohasida jarohatlarni davolash, reabilitatsiya, tezkor tibbiy yordam koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy harbiy klinik gospitalda amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik loyihalari harbiy tibbiyot tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hindistonlik mutaxassislar bilan amalga oshirilayotgan malaka almashish dasturi esa shifokorlar oʻrtasida tajriba va bilim almashuvini yanada mustahkamlab, kelgusida ham samarali natijalar berishga xizmat qilishi shubhasiz.





