Ofitserlar kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi
2026-03-11 12:25:00 / Yangiliklar

Yig‘in davomida okrug qo‘shinlarida aloqani tashkil etish va barqaror ta’minlash, shuningdek, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini tatbiq etish borasidagi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar erishilgan yutuqlar, mavjud kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni muhokama qildi.
Mutaxassislar aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini boshqarish tizimlarini takomillashtirish, zamonaviy raqamli aloqa vositalari va texnikalaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ular o‘zaro tajriba almashib, aloqa vositalarini to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, texnik holatini nazorat qilish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor va ishonchli aloqa o‘rnatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Shuningdek, yig‘in doirasida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, ishtirokchilar zamonaviy aloqa texnikasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Bu tadbir harbiy bo‘linmalarda aloqa tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash, boshqaruv jarayonini samarali yo‘lga qo‘yish va harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, bunday yig‘inlar ofitserlarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni samarali joriy etish hamda boshqaruv jarayonlarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati




