Yangiariq poligonida o‘quvchilar uchun amaliy o‘q otish mashg‘uloti o‘tkazildi
2026-03-10 20:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Urganch garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar harbiy tayyorgarlik bo‘yicha egallagan nazariy bilimlarini amaliy va ko‘rgazmali mashg‘ulotlar orqali mustahkamlab, qurol-aslahalardan foydalanish tartibi hamda xavfsizlik qoidalari bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, o‘quv nuqtalarida granatalarni uloqtirish, avtomat o‘qdonini patron bilan o‘qlash, aniq mo‘ljalga olishni o‘rganish, turli holatlardan qurolni otishga tayyorlash, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi.
Birinchi marotaba quroldan amaliy o‘q otish mashqlarini bajargan yoshlar 100 metr uzoqlikda turgan nishonlarga qarata 3 donadan o‘q uzib, chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








