Kibersport maydonida harbiylarning intellektual salohiyati namoyon bo‘ldi
2026-03-10 09:45:00 / Yangiliklar

Musobaqada okrug tarkibidagi harbiy qismlardan saralab olingan jami 8 ta jamoa ishtirok etdi. Bellashuvlar ikki turda tashkil etilib, unda jamoalar “Maxsus kuchlar” va “Raqib” tomonlari sifatida o‘zaro bahs olib bordi. Har bir uchrashuv 15 raunddan iborat bo‘lib, umumiy hisobda 30 raund davom etgan bahslar keskin va murosasiz ruhda o‘tdi.
Musobaqa jarayonida jamoalar o‘z strategiyasini aniq rejalashtirib, har bir raundda vaziyatga qarab tezkor qarorlar qabul qilish orqali ustunlikni qo‘lga kiritishga harakat qildi. Ishtirokchilar tomonidan qo‘llangan turli taktika va yondashuvlar o‘yin jarayonini yanada qiziqarli va raqobatbardosh tarzda o‘tishiga xizmat qildi.
Ayniqsa, jamoaviy hamkorlik, o‘zaro ishonch va muvofiqlashtirilgan harakatlar ko‘plab bahslarda hal qiluvchi omil bo‘ldi. Har bir jamoa a’zosi o‘z vazifasini puxta bajarishi, jamoa bilan uyg‘un harakat qilishi orqali umumiy natijaga sezilarli hissa qo‘shdi.
Tadbir yakunida musobaqada yuqori natija ko‘rsatgan jamoalar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






