8-mart — e’zoz va ehtirom bayrami
2026-03-07 13:15:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan mas’ullar yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va harbiy sohadagi faoliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda harbiy tizimda xizmat qilayotgan ayollar Vatan himoyasi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib, o‘zining matonati, bilim va mas’uliyati bilan yurt tinchligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari ham oila mustahkamligini saqlash, farzandlar tarbiyasi hamda jamiyatdagi ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish orqali muhim vazifani bajarib kelayotgani alohida e’tirof etildi.
Tadbirning asosiy qismi esa bayram konserti bilan davom etdi. Konsert dasturida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tomoshabinlarga yuqori kayfiyat ulashdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Filarmoniyasi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ham tadbir mehmonlariga manzur bo‘ldi.
Bayram konsertida Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, raqslar va badiiy chiqishlar ham namoyish etildi. Yosh ijodkorlarning chiqishlari bayram dasturiga alohida rang-baranglik bag‘ishladi. Bundan tashqari, respublikamizning taniqli san’atkorlari ham konsert dasturida ishtirok etib, o‘zlarining sevimli qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdilar.
Tadbir davomida harbiy xizmatchi ayollar hamda harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlariga bayram tabriklari yo‘llanib, ularga ezgu tilaklar bildirildi. Shuningdek, faol va namunali ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







