Okrugda navbatdagi o‘quv kurslari yakunlandi
2026-03-07 13:05:00 / Yangiliklar

Bir oy davom etgan mazmunli va intensiv o‘quv jarayonida tinglovchilar zamonaviy harbiy boshqaruv tizimlari, ilg‘or qurol-aslaha va texnik vositalardan samarali foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga joriy etish hamda xizmat faoliyatida muhim o‘rin tutuvchi psixologik tayyorgarlik bo‘yicha chuqur bilim va mustahkam ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Mashg‘ulotlar faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, real xizmat sharoitlariga yaqinlashtirilgan amaliy mashqlar asosida olib borildi. Bu esa harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligini yanada mustahkamlash, tezkor va puxta qaror qabul qilish qobiliyatini oshirish hamda jamoaviy hamkorlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, tinglovchilar uchuvchisiz uchish apparatlari yo‘nalishida ham tahsil olib, dronlarni boshqarish, ularning razvedka va kuzatuv imkoniyatlaridan samarali foydalanish, zamonaviy harbiy operatsiyalarda qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etdilar. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha olingan bilim va ko‘nikmalar bugungi zamonaviy harbiy tizimda alohida ahamiyat kasb etadi.
Kurs yakunida harbiy xizmatchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha yakuniy imtihon topshirib, belgilangan mezonlar asosida baholandilar. Malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur o‘quv kurslari harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, bilim va tajribasini boyitish hamda Vatan himoyasi yo‘lidagi mas’uliyatli xizmatni yanada samarali ado etishlariga mustahkam zamin yaratdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






