Gʻalaba bogʻidan muddatli harbiy xizmatga kuzatuv
2026-03-06 16:25:00 / Yangiliklar

Tantanali kuzatish marosimida Toshkent harbiy okrugi qoʻmondoni, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, faxriylar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar tomonidan muddatli harbiy xizmatga otlangan yoshlarga omad tilab, sharafli burchni oʻtash davrida ularga berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlariga ishonch bildirildi. Shuningdek, ularga askarlik hayotida muhim kundalik va doimiy ehtiyoj uchun qoʻllaniladigan vositalar jamlanmasidan iborat safar sumkalari topshirildi. Qurolli Kuchlar faxriylari esa oʻz shaxsiy tajribalaridan kelib chiqqan holda safarga otlangan yoshlarga xizmat davrining masʼuliyati va mashaqqatini yengib oʻtishdagi maslahatlarini berishdi.
Toshkent Mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tantanali marosim davomida Mudofaa vazirligi Alohida namunali-ko‘rgazmali harbiy orkestr jamoasi hamda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula raqs ansambli hamda harbiy xizmatchilarning ko'rgazmali chiqishlari yig'ilganlarga ko'tarinkilik bag'ishladi.
Shundan soʻng, davlatimiz sarhadlarini ishonli qoʻriqlashga bel bogʻlagan yigitlar respublikamizning turli hududlariga joʻnab ketishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









