Nafosat egalari – e’zoz va ehtiromda
2026-03-06 16:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda okrugga qarashli harbiy qism va muassasalarda faoliyat olib borayotgan harbiy xizmatchi ayollar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida okrug qo‘shinlari qo‘mondoni barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Nutqda yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning jamiyat hayotidagi roli va nufuzini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollarning fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida munis onaxonlarimiz, mehribon opa-singillarimizning jamiyatimiz, oilalarimiz hamda harbiy jamoalardagi muhim o‘rni ta’kidlab o‘tildi. Ularning yurtimiz taraqqiyoti, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi hissasi alohida qayd etildi.
Bayram tadbiri doirasida ishtirokchilar uchun madaniy hordiq dasturi tashkil etilib, san’atkorlar va harbiy orkestrning ijodiy chiqishlari namoyish etildi. Dilbar kuy-qo‘shiqlar, raqslar hamda sahna ko‘rinishlari bayram kayfiyatini yanada ko‘tarib, tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Yakunda xizmatda yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchi ayollar rag‘batlantirilib, ularga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, barcha ishtirokchi xotin-qizlarga bayram sovg‘alari taqdim etildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








