Vatan himoyasi maktabidan o‘tgan yoshlar hayotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi
2026-03-06 15:50:00 / Yangiliklar

Tadbir an’anaga muvofiq davlat madhiyasining tantanali ijrosi bilan boshlandi. Saf maydoniga O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i olib kirildi va harbiy xizmatchilar saf tortib, xizmat davrida orttirgan tajriba hamda harbiy tayyorgarliklarini yana bir bor namoyon etdi. Bir yil davomida harbiy tartib-intizom maktabidan o‘tgan yoshlar nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham chiniqib, hayotga yanada mas’uliyat bilan qaraydigan yetuk insonlar sifatida shakllanganini namoyish etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan harbiy qism komandiri muddatli harbiy xizmatni muvaffaqiyatli yakunlayotgan yoshlarni samimiy tabriklab, xizmat davomida orttirilgan tajriba va ko‘nikmalar ularning kelgusidagi hayot faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, u xizmat davomida yuqori natijalarga erishib, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida foydalanish uchun imtiyozga ega bo‘lgan hamda shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan askarlar ro‘yxatini o‘qib eshittirdi.
Ta’kidlanganidek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar ularning bilim olishga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirib, kelajakda yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.
Tadbir davomida so‘z olgan Qurolli Kuchlar faxriysi yosh askarlarni xizmatni sharaf bilan yakunlaganlari bilan tabriklab, ularga kelgusidagi hayot yo‘lida muvaffaqiyat va omad tiladi. U o‘z nutqida Vatan himoyasi har bir yigit uchun yuksak sharaf ekanini alohida ta’kidlab, askarlik maktabi insonni mardlik, sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashini qayd etdi.
Bayramona tadbir faxriy qorovul hamda desantchilar bo‘linmalari tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar bilan davom etdi. Harbiylarning chaqqonligi, jismoniy tayyorgarligi va harbiy mahorati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, “Impuls” ansambli tomonidan ijro etilgan badiiy dastur tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir yakunida xizmatdoshlar o‘rtasida samimiy xayrlashuv lahzalari kuzatildi. Askarlar esdalik suratlariga tushib, bir yil davomida bir safda xizmat qilgan do‘stlari bilan manzil va aloqa ma’lumotlarini almashdi. Ayrim yoshlar esa harbiy qism hududi bo‘ylab so‘nggi bor sayr qilib, xizmat davrining unutilmas xotiralarini yana bir bor yodga oldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









