Harbiy xizmatchi ayollar o‘rtasida spartakiada musobaqalari yakunlandi
2026-03-05 17:05:00 / Yangiliklar

To‘rt kun davomida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport majmuasida o‘tkazilgan musobaqalarda turli harbiy qismlar va bo‘linmalardan kelgan ayol harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Spartakiada doirasida o‘nga yaqin sport turi bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Xususan, suzish, arqon tortish, stol tennisi, shaxmat, voleybol hamda badminton kabi sport turlarida qizg‘in bahslar kechdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi ayol harbiy xizmatchilari 1-o‘rinni egalladi. 2-o‘rin Mudofaa vazirligi Markaziy aloqa uzeli jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Toshkent harbiy okrugi ayol harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Musobaqaning yopilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. Tadbir yakunida Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan bayram konsert dasturi taqdim etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









