Vatan himoyasi — har bir yigitning burchi
2026-03-05 17:05:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirlarda okrug mas’ul ofitserlari, faxriylar viloyat kengashlari vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, shuningdek, chaqiriluvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan mas’ullar, harbiylar hamda jamoatchilik vakillari chaqiriluvchilarning ota-onalariga farzandlarini Vatanga sadoqatli, mard va jasur etib tarbiyalaganliklari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlanganidek, Vatanni himoya qilish har bir yigitning nafaqat muqaddas burchi, balki yuksak sharafidir.
Marosim davomida chaqiriluvchilarning ota-onalari va faxriylar ham so‘zga chiqib, ona Vatanni qo‘riqlash har bir yigitning muqaddas burchi ekanini alohida qayd etdi. Ular yoshlarni bunday mas’uliyatli va sharafli vazifa nasib etgani bilan tabriklab, xizmat davomida o‘zlarini har tomonlama namoyon etishlariga tilak bildirdi. Yoshlarga ulkan umidlar bildirib, harbiy xizmatni muvaffaqiyatli o‘tab, yorug‘ yuz bilan ota-onalari bag‘riga sog‘-salomat qaytib kelishlarini tilab qolishdi.
Yakuniy qismda vatan oldidagi burchini ado etish uchun yo‘lga otlangan chaqiriluvchilarga yuvinish anjomlari va shaxsiy gigiyena vositalaridan iborat maxsus jamlanmalar topshirildi.
Shundan so‘ng chaqiriluvchi yoshlar oila a’zolari va yaqinlari bilan samimiy xayrlashib, yurt himoyasi sari yo‘l oldi.








