Muddatli harbiy xizmatni yakunlagan askarlar tantanali kuzatildi
2026-03-05 15:40:00 / Yangiliklar

Yigitlarni uylariga kuzatish arafasida tashkil etilgan tadbirda harbiy okrug qo‘mondonlligi vakillari, harbiy qism mas’ullari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar askarlarga kelgusi hayot yo‘lida muvaffaqiyat va omad tiladi. Ularning harbiy xizmat davomida orttirgan bilim va tajribalari kelajakda yurt ravnaqi yo‘lida samarali xizmat qilishiga poydevor bo‘lishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, askarlarning Vatan oldidagi burchini sidqidildan bajargani va xizmat davomida erishgan yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida harbiy xizmat mobaynida turli kasb-hunarlarni egallagan askarlarga kasbga doir sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, ular oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha imkoniyat beruvchi tavsiyanomalar bilan taqdirlandi.
Tantanali kuzatish marosimi iliq tabriklar va samimiy tilaklar bilan yakunlandi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








