Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbarlari uchun malaka oshirish kursi tashkil etildi
2026-03-05 15:30:00 / Yangiliklar

Kurs dasturining dastlabki ikki haftasi onlayn shaklda tashkil etilib, unda harbiy-pedagogik tayyorgarlik, normativ-huquqiy hujjatlar tahlili, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari hamda zamonaviy oʻquv metodikalari boʻyicha nazariy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Masofaviy taʻlim jarayonida tinglovchilar interaktiv taqdimotlar, muhokamalar va test sinovlari orqali oʻz bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻldilar.
Kursning yakuniy haftasi bevosita Harbiy taʻlim fakulteti hududida anʻanaviy tarzda davom ettirildi. Unda nazariy mashgʻulotlar bilan bir qatorda amaliy darslar ham tashkil etilib, saf tayyorgarligi, harbiy-topografik bilimlar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha koʻnikmalar mustahkamlandi. Amaliy mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar oʻzaro tajriba almashib, mashgʻulotlarni samarali tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Oʻquv kursi yakunida tinglovchilar attestatsiyadan oʻtkazildi. Yakuniy sinov natijalariga koʻra, kurs dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan rahbarlarga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






