Talaba-yoshlar uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
2026-03-05 15:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Farg‘ona harbiy prokuraturasi, ichki ishlar organlari, Farg‘ona shahar adliya boshqarmasi xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida mutaxassislar tomonidan mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarni internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlardan himoya qilish hamda bu borada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan hozirgi davrda turli kiberjinoyatlar ham yangi ko‘rinish va usullar bilan sodir etilmoqda. Xususan, fuqarolarning plastik kartalaridagi mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarzda egallash, ijtimoiy tarmoqlar orqali aldov yo‘li bilan mablag‘ undirish kabi holatlar ko‘payib borayotgani qayd etildi. Shu bois fuqarolarning, ayniqsa yoshlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida fuqarolarni turli kiberxavf-xatarlardan himoya qilishda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, bank kartalari rekvizitlarini begonalarga oshkor qilmaslik, noma’lum manbalardan yuborilgan havola va ilovalardan foydalanmaslik hamda shubhali telefon qo‘ng‘iroqlari yoki xabarlarga ishonmaslik zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bunday holatlarga duch kelganda zudlik bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish lozimligi haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi.
Yakunda talaba-yoshlar tomonidan kiberjinoyatlar, ularning oldini olish mexanizmlari hamda shaxsiy axborotlarni himoya qilish masalalariga doir berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil va amaliy javoblar berildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





