O‘quvchi yoshlar amaliy o‘q otish mashg‘ulotlarida qatnashdi
2026-03-05 12:05:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulotlar Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism ofitserlari rahbarligida olib borildi. Dastlab o‘quvchi yoshlarga mamlakatimizda milliy armiyani rivojlantirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda harbiy xizmatga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarning harbiy kasbga qiziqishini oshirish, ularni intizom va mas’uliyat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shundan so‘ng 400 nafardan ortiq o‘quvchi yoshlar harbiy mutaxassislar ko‘rsatmasi asosida qurollar bilan muomala qilish, ulardan to‘g‘ri foydalanish hamda texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar avtomat qurollarning tuzilishi, ularni noto‘liq qismlarga ajratish va qayta yig‘ish, nishonga aniq mo‘ljalga olish kabi muhim ko‘nikmalarni egalladi.
Harbiy xizmatchilar tomonidan har bir mashq bosqichi batafsil tushuntirilib, o‘quvchilarga zarur amaliy tavsiyalar berildi. Bu jarayonda yoshlar katta qiziqish va faollik bilan ishtirok etib, o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulotlarning yakuniy bosqichida o‘quvchi yoshlar jangovar quroldan amaliy o‘q otish mashqlarini bajarishdi. Har bir ishtirokchi 100 metr masofada joylashgan nishonlarga qarata o‘q uzib, o‘z mahorati va tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar davomida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilinib, barcha jarayonlar tajribali harbiy mutaxassislar nazorati ostida olib borildi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








