Muddatli harbiy xizmatchilarga sertifikatlar topshirildi
2026-03-04 15:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda okrug qo‘mondonligi, Farg‘ona viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi vakillari va kurs ishtirokchilari qatnashdi.
Marosimda so‘zga chiqqan rasmiylar o‘quv kurslarining muddatli harbiy xizmatchilarni kasbiy va shaxsiy rivojlantirishga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi va ularga kelgusida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muddatli harbiy xizmatning faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarni jamiyatda mustahkam o‘rin topishi uchun mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etilgan.
Mazkur o‘quv kurslari Sharqiy harbiy okrugda ilk bor tajriba sifatida tashkil etildi. Kurslar davomida askarlar zamonaviy kasblar asoslari, kompyuter savodxonligi hamda xorijiy tillar bo‘yicha boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni egalladi. Ushbu tajriba kelgusida takomillashtirib borilishi rejalashtirilgan.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









