Yoshlar harbiy hayot maktabida toblandi
2026-03-04 15:35:00 / Yangiliklar

Dastlab ishtirokchilar Markaziy harbiy okrug muzeyiga tashrif buyurdi. Muzey ekspozitsiyalari orqali milliy armiyamizning shakllanish bosqichlari, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, zamonaviy qurollanish va boshqaruv tizimiga o‘tish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tarixiy hujjatlar, noyob eksponatlar hamda fotomateriallar harbiy sohaning taraqqiyot bosqichlarini yaqqol namoyon etdi.
Shuningdek, buyuk ajdodlarimiz — Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi nomlari bilan atalgan tematik o‘quv xonalarida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi. Unda sarkardalarning yuksak harbiy salohiyati, strategik tafakkuri, jasorati hamda Vatan ozodligi yo‘lidagi fidoyiligi xususida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida talabalar oliy maktabning zamonaviy moddiy-texnik bazasi bilan tanishtirildi. Xususan, kompyuterlashtirilgan o‘quv sinflari, maxsus tayyorgarlik xonalari, amaliy mashg‘ulot maydonchalari hamda innovatsion o‘quv uslublari asosida tashkil etilgan ta’lim jarayoni haqida atroflicha ma’lumot berildi. Harbiy ta’limda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, simulyatsion dasturlar va interaktiv metodlarning keng qo‘llanilayotgani alohida qayd etildi. Bu esa bo‘lajak serjantlarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini uyg‘un rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, ularning taktik-texnik xususiyatlari, qo‘llanish imkoniyatlari hamda xavfsizlik talablari yuzasidan mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib, harbiy xizmatning mazmuni, shart-sharoitlari va istiqbollari haqida keng tasavvurga ega bo‘ldi.







