Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish tadbirlari boshlandi
2026-03-04 15:30:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan bugun Nukus shahridagi Mustaqillik maydonida muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan yoshlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Respublika Mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik hamda yosh askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali marosim davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli harbiy islohotlar, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, harbiy xizmatni o‘tash — har bir yigitning sharafli va mas’uliyatli burchi bo‘lib, u mardlik, fidoyilik, intizom va matonat maktabidir.
Jamoatchilik vakillari va ota-onalar yigitlik burchini ado etish uchun yo‘lga chiqqan o‘g‘lonlarga sharafli xizmatga sodiqlik, mustahkam iroda, sabr-bardosh va ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Ta’kidlanganidek, xalqimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilish har bir fuqaro uchun yuksak mas’uliyat va ulug‘ saodatdir.
Eslatib o‘tamiz, chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2026-yilning mart–aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Shuningdek, belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar ham 2026-yilning mart–aprel oylarida Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatiladi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









