Milliylik va mahorat uygʻunligi
2026-03-03 19:20:00 / Yangiliklar

Quvonarlisi, joriy yilda ham Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosida bosqichma-bosqich o‘tkazilgan tanlovning yakuniy bosqichi ham ana shu yuksak anʼanalarga sodiq qolgan holda, yanada koʻtarinki ruh, puxta tayyorgarlik va yuqori saviyada tashkil etildi. Bellashuvlarni Oila va Gender tenglik ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika harbiy prokuraturasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent shahar kengashi, Respulika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, hamda vazirlik mas’ul vakillari dan iborat hakamlar hayati baholab bordi.
Taʼkidlash joiz, tanlovda ishtirokchilarning sahnada namoyish etgan har bir chiqishida nafaqat mahorat, balki milliy gʻurur, hayo va iboning latofati, oʻzbek ayoliga xos matonat va zakovat yaqqol sezilib turdi. Tadbirda milliy qadriyatlar va milliy liboslar targʻibotiga alohida eʼtibor qaratilgani ayniqsa ahamiyatli boʻldi. Bu orqali yosh avlod qalbida milliylikka hurmat, ajdodlar merosiga sadoqat va oʻzlikni anglash tuygʻulari yanada mustahkamlandi. Shu jahati bilan ham tadbir nafaqat tanlov, balki maʼnaviy-maʼrifiy bayramga aylandi. Unda harbiy xizmatchilarning rafiqalari, qizlari oʻzlarining bilim va isteʼdodini, milliy anʼanalarga hurmatini, oilaga sadoqatini, jamiyat oldidagi masʼuliyatini oʻziga xos tarzda namoyon etdilarki bu haqda quyida alohida toʻxtalishni joiz deb bildik.
“Biz baxtiyor ayollarmiz”
Tanlovning ilk sharti shunday deb nomlandi. Mazkur shartda ishtirokchilar oʻzlarini, oilalarini va jamoat ishlaridagi faolligini tanishtirar ekan, bu jarayonda goʻzal sheʼrlar va maqolu matallardan oʻrinli foydalanib notiqlik sanʼatini yuksak koʻrinishda namoyon etdilar. Ularning oʻz hudulariga xos milliy liboslari sahnaga chiqib, oʻzbek ayoliga xos latofat va kamtarlikni yorqin ifoda etgani hakamlar hayʼatining ham eʼtirofiga sazovor boʻldi. Zero ular shu tariqa ilk shartning oʻziyoq ishtirokchilar tanlovning ruhiy yoʻnalishini belgilab, oʻzbek ayolining zakovati va ijodiy mahoratini yorqin ochib bera oldilar.
Muhimi, mazkur shartda ayollarning ijro mahorati alohida eʼtiborga sazovor boʻldi. Chunki ular sahnada oʻzini erkin tutishi, nutq madaniyati, obraz yaratish qobiliyati bilan professional aktrisalardan qolishmadilar.
Qadimiy meros – tirik anʼana
Milliy libos bu shunchaki kiyim emas, balki xalq ruhiyati, tarix va madaniyat mujassamligidir. Tanlovning “Qadimgi milliy liboslar – madaniy merosimiz” sharti shu jihati bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Unda ayol-qizlarimiz nafaqat milliy kiyim-kechaklarni namoyish etdilar, balki ularning tarixi, ramziy maʼnosi va hududiy xususiyatlari haqida ham batafsil maʼlumot berdilar. Bu esa tadbirning oddiy tanlov emas, balki haqiqiy maʼrifat maktabiga aylanganidan dalolat beradi.
Bilasizmi nima? Ushbu shartda ayollar liboslarni shunchaki namoyish etmadilar, balki tomoshabinlarga uning ruhini ham his ettira oldilar. Yaʼni ular sahnadagi yurish-turish, latofatli harakatlari, iboli qiyofasi bilan oʻzida aks ettirgan milliy obrazni mukammal ochib berdi. Shu tariqa mazkur shart tanlovning eng mazmundor va maʼnaviy jihatdan taʼsirchan qismlaridan biriga aylandi.
“Darts” – tarbiya va maʼrifat uygʻunligi
Darts shartida jismoniy epchillik bilan birga diqqat va iroda ham sinovdan oʻtdi. Ayollar bu vazifani ishonch bilan bajarib, harbiy oilalarda tarbiyaviy, ruhiy barqarorlik ham yuqori ekanini koʻrsatdilar.
Darvoqe, 30 dona rangli pufakdan guldasta yasash sharti ham qiziqarli boʻldi. Ushbu shart ijodkorlik, sabr va estetik didni talab qildi. Qisqa vaqt ichida yaratilgan guldastalar milliy ranglar uygʻunligi bilan ajralib turdi.
“Baxru bayti” va “Pazanda bekajonlar”
Tanlovning eng taʼsirchan shartlaridan yana biri “Baxru bayti” sharti boʻldi. Ishtirokchilar milliy va zamonaviy qoʻshiqlardan parchalar, sheʼrlar aytib, oʻzlarining sanʼatga boʻlgan mehrini namoyon etdilar. Sahnadagi harakat, ovoz tembri, sahnaviy madaniyat – barchasi yuqori saviyada edi.
“Pazanda bekajonlar” shartida esa ishtirokchilardan milliy taomimiz – palov uchun zarur boʻlgan asosiy mahsulot sabzini besh daqiqa ichida toʻgʻrash talab etildi. Bu shart bir qarashda oddiydek tuyulsa-da, aslida u chaqqonlik, mahorat va pazandalik borasidagi tajribani sinovdan oʻtkazdi. Shu tariqa “Pazanda bekajonlar” sharti oʻzbek ayolining xonadondagi mohir beka, milliy taomlarimizning ustasi ekanini yana bir bor isbotladi.
Tanlov yakunida 9 ta nominatsiya boʻyicha gʻolib va sovrindorlar eʼlon qilindi. Ular qimmatbaho sovgʻalar va diplom bilan taqdirlandi. Biroq eng katta yutuq – bu sahnada namoyon boʻlgan milliy gʻurur va qadriyat, oilaviy birlik va ayollarning yuksak ijro mahorati boʻldi.
Haqiqatan ham, harbiy xizmatchilar ortida uni qoʻllab-quvvatlab turuvchi, maʼnaviy tayanch boʻla oladigan ayoli, farzandlari, oilasi bor. Uning sabri, mehri va zakovati Vatan himoyasining koʻrinmas, ammo mustahkam ustunidir. “Balli ayollar” koʻrik-tanlovi shuni isbotladiki, oʻzbek ayoli nafaqat xonadon charogʻboni, farzand tarbiyachisi, balki maʼnaviyat va milliy qadriyatlar targʻibotchisi, jamiyat taraqqiyotining faol ishtirokchisidir.chi esa ayoldir. Ana shunday fidoyi, isteʼdodli va milliy ruhga sodiq ayollar bor ekan, yurtimizda tinchlik va barqarorlik mustahkam boʻlib qolaveradi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









