Kiberxavfsizlik — bugungi kunning dolzarb vazifasi
2026-03-03 15:40:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Qo‘ng‘irot tumani hududida joylashgan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismda “Virtual olamda o‘z xavfsizligini ta’minlash va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati” mavzusida profilaktik davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Shuningdek, davra suhbatiga Qo‘ng‘irot tumani Ichki ishlar bo‘limi mutaxassislari taklif qilinib, ular tomonidan internet tarmog‘ida uchrayotgan zamonaviy tahdidlar, kiberjinoyatchilikning oldini olish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida internet orqali tarqatilayotgan yot va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Xususan, diniy mazmundagi tasdiqlanmagan materiallarni ulashmaslik, shubhali manbalarga ishonmaslik, noma’lum havolalar va ilovalarni yuklab olmaslik, zararli APK fayllarning salbiy oqibatlari haqida aniq misollar asosida ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida “Kiberhujum nima?” hamda “Ijtimoiy tarmoq orqali tarqalayotgan zararli APK fayllardan himoyalanish tartibi” mavzularidagi videoroliklar namoyish etildi. Unda mobil qurilmalar xavfsizligini ta’minlash, murakkab parollardan foydalanish, ikki bosqichli tekshiruvni yoqish, shaxsiy akkauntlarni begona shaxslardan himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





