Jangovar shaylik – Vatan himoyasining mustahkam kafolati
2026-03-03 14:30:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir bugungi harbiy amaliyot talablariga mos yangi yondashuvlarni joriy etish, tezkor boshqaruv sifatini oshirish va bo‘linmalar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni baholashga xizmat qildi.
O‘quv jarayonida shaxsiy tarkib “Jangovar shaylikning "Harbiy xavf’” darajasiga keltirilib, belgilangan signal asosida qisqa fursat ichida safarbar etildi. Qo‘mondonlik va shtab ofitserlari tomonidan vaziyatni baholash, qaror qabul qilish, kuch va vositalarni to‘g‘ri taqsimlash hamda bo‘linmalar harakatini boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi.
Brigada qo'mondonlik punktida bo‘linmalar tomonidan shartli dushmanga qarshi maxsus harakatlarni rejalashtirish va olib borish, belgilangan hududlarga tezkor chiqish, jangovar texnikani jangovar holatga keltirish va moddiy texnik vositalar bilan butlash hamda o‘zaro hamkorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanish, uzluksiz aloqa o‘rnatish hamda razvedka ma’lumotlarini o‘z vaqtida yetkazish jarayonlari amaliy tarzda bajarildi.
O‘quv davomida rahbarlik tarkibining boshqaruv madaniyati, tezkor fikrlashi va mas’uliyat bilan qaror qabul qilishi yuqori saviyada namoyon bo‘ldi. Shaxsiy tarkib esa intizom, jipslik va kasbiy mahorat namunalarini ko‘rsatdi.
Shundan so'ng, brigada-taktik o'quvi ishtirokchilari harbiy qism hududida joylashgan jangovar shaharchada real sharoitda qo‘shinlar harakatini muvofiqlashtirish, bo‘linmalarni boshqarish jarayonlari batafsil ko‘rib chiqildi va amaliy mashg‘ulotlar baholandi.
O‘quv yakunida okrug qo‘mondonligi tomonidan o'quvda qo‘yilgan barcha vazifalar to‘liq va sifatli bajarilgani, mazkur tadbir harbiy qismning jangovar tayyorgarlik darajasini yangi bosqichga olib chiqqani alohida ta’kidlandi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati







