“Shijoat va gʻayrat” harbiy-sport musobaqasiga start berildi
2026-03-03 13:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʻullari, Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Respublika Maʻnaviyat va maʻrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Davlat xavfsizligi xizmati, Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari masʻullari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar mazkur musobaqa yoshlarni Vatanga sadoqat, mardlik va matonat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutishini taʻkidlab, bunday amaliy bellashuvlar yigit-qizlarda harbiy xizmatga nisbatan qiziqish va masʻuliyat tuygʻusini yanada kuchaytirishini qayd etdilar.
Shuningdek, jismonan baquvvat va maʻnan yetuk avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligiga alohida urgʻu berildi.
Musobaqa 18–22 yosh toifasidagi mahalla yoshlari oʻrtasida jamoaviy tartibda tashkil etilib, 5 bosqichda oʻtkaziladi. Bellashuvlar quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
— turnikda tortilish (oʻsmirlar uchun);
— orqa bilan yotgan holatda tanani koʻtarish (press mashqi, qizlar uchun);
— oʻquv qoʻl granatasini uzoqlikka uloqtirish;
— uzoq masofaga yugurish;
— qisqa masofaga yugurish;
— AK-74 (Kalashnikov avtomati)ni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish;
— merganlar bellashuvi (pnevmatik quroldan oʻq uzish).
Musobaqa mahalla, tuman (shahar), hududiy hamda respublika bosqichlarida tashkil etiladi. Har bir bosqich gʻoliblari diplomlar, esdalik sovgʻalari va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Respublika bosqichida eng yuqori natijani qayd etgan jamoa aʻzolariga oliy harbiy va harbiylashtirilgan oliy taʻlim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar beriladi.
Bundan tashqari, gʻolib jamoalar mahallalari ham munosib ragʻbatlantiriladi:
— 1-oʻrin uchun universal sport maydonchasi;
— 2-oʻrin uchun strit vorkout maydonchasi;
— 3-oʻrin uchun vorkout maydonchasi qurib beriladi.
Mazkur harbiy-sport musobaqasi mahalla yoshlari uchun haqiqiy vatanparvarlik maktabi vazifasini oʻtaydi. U yoshlarni Milliy armiyamiz safida xizmat qilishga, harbiy sohaga oʻqishga va kelgusida shu yoʻnalishda faoliyat yuritishga ruhlantiradi. Eng muhimi, bunday tadbirlar yurt tinchligi va ravnaqi yoʻlida fidoyi boʻlib xizmat qiladigan barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









