Bahor kuychisi — Zulfiyaxonimning ijodiy merosi e’tirof etildi
2026-03-02 10:35:00 / Yangiliklar

Tadbirni ochib bergan ma’ruzachilar shoira ijodining o‘zbek adabiyoti taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, uning she’riyatida Vatanga muhabbat, sadoqat, insoniylik, mehr-oqibat va fidoyilik g‘oyalari yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etilganini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, Zulfiya qoldirgan boy ma’naviy meros bugungi kunda ham o‘zining tarbiyaviy ahamiyati va ruhiy qudrati bilan yoshlar qalbida ezgu fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Uning satrlarida ona yurtga cheksiz mehr, ayol qalbining latofati va inson sha’nini ulug‘lash kabi mavzular teran falsafiy mushohada bilan uyg‘unlashgan.
Tadbirning ikkinchi qismida harbiy xizmatchilar poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida bo‘lib, shoira xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Xiyobonda o‘tkazilgan marosim davomida uning qalamiga mansub she’rlar ifodali o‘qildi, asarlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, nozik ruhiy kechinmalar tasviri hamda yurtga sadoqat tuyg‘usi atroflicha tahlil qilindi.
Marosim yakunida ishtirokchilar tomonidan shoira byusti poyiga gullar qo‘yildi. Uning yorqin siymosi va ibratli hayot yo‘li chuqur ehtirom bilan yod etildi.
Muxtasar aytganda mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv harbiy xizmatchilar qalbida milliy adabiyotimizga hurmat, yurtga sadoqat va ma’naviy qadriyatlarga sodiqlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Shoiraning umrboqiy satrlari esa yana bir bor qalblarda jaranglab, Vatanga muhabbat va insoniylik g‘oyalarining boqiyligini eslatdi.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi matbuot xizmati




