Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti yoshlar nigohida
2026-03-02 10:35:00 / Yangiliklar

Ekskursiya dasturi doirasida ishtirokchilarga institutning o‘quv-moddiy bazasi, zamonaviy infratuzilmasi va ta’lim jarayoniga joriy etilgan ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yoshlar institut hududidagi muzey, o‘quv auditoriyalari, axborot-resurs markazi, sport majmuasi, shuningdek, parashyut-desantchilarni tayyorlash mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan maydon faoliyati bilan tanishdi. Harbiy xizmatchilar va kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy maishiy va ijtimoiy sharoitlar, ularning jismoniy hamda ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ayniqsa, yangidan barpo etilgan “Mafkuraviy poligon” va “Raqamli poligon” imkoniyatlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Sun’iy intellekt va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida jihozlangan “Mafkuraviy poligon”da harbiy xizmatchilarning mafkuraviy barqarorligini mustahkamlash, axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda mustaqil tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi.
“Raqamli poligon”da esa simulyatsion dasturlar, virtual trenajyorlar va raqamli boshqaruv tizimlari orqali o‘quv jarayonini real sharoitga yaqinlashtirish, jangovar vaziyatlarni modellashtirish hamda kursantlarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar namoyish etildi.
Tadbir davomida institut rahbariyati va tajribali ofitserlar tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, mavjud imtiyoz va imkoniyatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Ekskursiya yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.







