Buxoroda “Harbiy qismda bir kunim” loyihasi bo‘lib o‘tdi
2026-02-28 15:00:00 / Yangiliklar

Yuz nafarga yaqin mehmonlar harbiy qismga harbiy xizmatchilar tomonidan yuqori kayfiyatda kutib olingach, qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan birin-ketin tanishtirildi. Ushbu harbiy qismda muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tashlari uchun zamon talablariga javob beradigan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, oshxona, yotoqxona, dam olish maskanlari bilan birgalikda o‘quv xonalari, kompyuter sinfi, kutubxona, otish tayyorgarligini mustahkamlashga qaratilgan trenajyorlar bilan tanishgan yoshlarda muddatli harbiy xizmatga borish istagi aniq maqsadga aylangani aniq.
O‘quvchilar sayohat davomida harbiy xizmatchilar bilan samimiy muloqot qilib, Prezidentimiz tomonidan askarlar xizmati davomida nafaqat jismoniy hamda jangovar tayyorgarlik bilan shug‘ullanishlari, balki, hunar o‘rganishlari lozimligi borasidagi muhim tashabbuslar haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Qism saf maydonidagi o‘nlab o‘quv nuqtalarida qurol-aslaha va anjomlar ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, mutaxassis harbiy xizmatchilar tomonidan ular haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
“Harbiy qismda bir kunim” loyihasi yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning Vatan himoyasiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish hamda jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati





