Surxondaryoda harbiy xizmatchilar oilalari bilan maʻnaviy-maʻrifiy uchrashuvlar oʻtkazildi
2026-02-28 14:30:00 / Yangiliklar

“Mustahkam oila – barqaror jamiyat asosi” mavzusida oʻtgan uchrashuvlarda Mudofaa vazirligining xotin-qizlar va oilalar bilan ishlash boʻyicha mutaxassislar ishtirok etib, oiladagi oʻzaro hurmat va mehr-oqibat, farzand tarbiyasida ota-onaning masʻuliyati hamda harbiy xizmatchilar oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida sogʻlom va totuv oilaviy muhit harbiy xizmatchining xizmat faoliyatiga ijobiy taʻsir koʻrsatishi alohida taʻkidlandi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ochiq muloqot tarzida fikr almashdilar.
Mazkur uchrashuvlar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda harbiy xizmatchilar oilalarida sogʻlom maʻnaviy muhitni qaror toptirishga xizmat qildi.





