Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda kiberxavfsizlikka bag‘ishlangan profilaktik tadbir o‘tkazildi
2026-02-28 10:40:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Kiberxavfsizlik boshqarmasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislari tomonidan zamonaviy axborot tahdidlari, internet firibgarligi, fishing hujumlari va zararli dasturlardan himoyalanish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Harbiy xizmatchilarga xizmatga oid ma’lumotlarni himoya qilish, maxfiylik qoidalariga rioya etish, shubhali havolalarni ochmaslik, noma’lum manbalardan dastur yuklab olmaslik, murakkab parollardan foydalanish hamda ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish bo‘yicha aniq tavsiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, kiberjinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik choralari va qonunchilik talablari yuzasidan ma’lumot berilib, axborot xavfsizligi borasida harbiy xizmatchilarning mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida eng kuchli himoya vositasi insonning ogohligi va hushyorligi ekani qayd etildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati





