Vatan himoyasiga munosiblar saralanmoqda
2026-02-28 09:40:00 / Yangiliklar

Chaqiriluvchilar dastlab malakali tibbiyot xodimlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Jarayonda ularning sog‘lig‘i, jismoniy rivojlanish darajasi va harbiy xizmatni o‘tashga yaroqliligi har tomonlama tekshirilib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida aniq va xolis xulosa chiqarilmoqda.
Shuningdek, Markaziy harbiy okrug psixolog mutaxassislari tomonidan nomzodlar bilan keng qamrovli psixologik ishlar tashkil etilmoqda. Jumladan, chaqiriluvchilar bilan psixodiagnostik testlar, individual suhbatlar hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ularning ruhiy barqarorlik darajasi, stressga chidamliligi, tezkor va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati, jamoada ishlash ko‘nikmalari atroflicha o‘rganilmoqda.
Psixologik tahlillar natijasiga ko‘ra nomzodlar ruhiy barqarorlik holatiga qarab tegishli toifalarga ajratilmoqda hamda har bir nomzod bo‘yicha asoslantirilgan psixologik hulosa rasmiylashtirilmoqda. Mazkur yondashuv harbiy xizmatni samarali va mas’uliyat bilan o‘tashga qodir, ma’naviy-ruhiy jihatdan yetuk yoshlarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi bosqichda chaqiruv komissiyasi a’zolari bilan suhbat jarayoni tashkil etilib, nomzodlarning ma’naviy-axloqiy fazilatlari, dunyoqarashi, kasbiy qiziqishlari hamda kelgusidagi rejalari tahlil qilinmoqda. Bu esa ularni harbiy qismlarga maqsadli va to‘g‘ri taqsimlash imkonini bermoqda.
Ta’kidlash joizki, muddatli harbiy xizmat yigitlar uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki chinakam hayot maktabidir. Harbiy xizmat davomida ular intizom, mas’uliyat, jamoaviylik va Vatanga sadoqat kabi fazilatlarni yanada mustahkamlab, yetuk va fidoyi shaxs sifatida shakllanadilar.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati





