Sharqona yangi yil sayli
2026-02-27 17:25:00 / Yangiliklar

Olmaliq shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli, harbiy qism hududida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jona-jon O‘zbekistonim” shiori ostida bayram tantanalari o‘tkazildi.
Bayram erta tongdan ko‘tarinki ruhda boshlandi. Harbiy qism hududida o‘rnatilgan doshqozonlarda ahillik va hamjihatlik ramzi bo‘lgan milliy taomlar — sumalak va palov tayyorlandi. Ayniqsa, ko‘p soatlar davomida mehr bilan pishirilgan sumalak atrofida jam bo‘lgan harbiy xizmatchilar, nuroniylar va yoshlar o‘zaro samimiy suhbat qurib, bayram shukuhini birgalikda his etdi.
Tadbirda shuningdek, Olmaliq shahar hokimligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda shahar madaniyat bo‘limi vakillari ishtirok etib, harbiy xizmatchilarni bayram bilan muborakbod etdi. So‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmat muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning sharafli burchi ekani alohida ta’kidlandi.
Bayram dasturi doirasida milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etildi. Ularda nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila a’zolari va farzandlari ham faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. Bellashuvlar do‘stona ruhda, yuqori kayfiyat va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazildi.
Shuningdek, harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan ko‘p asrlik etnografik kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Milliy ohanglar yangragan onlar bayram ishtirokchilarida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi.
Bayram yakunida ishtirokchilar yurtimizda doimo tinchlik va barqarorlik hukm surishini tilab, ezgu niyatlar bilan tarqalishdi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati









