Markaziy harbiy okrugda yoshlar bilan keng qamrovli tadbirlar oʻtkazilmoqda
2026-02-27 11:20:00 / Yangiliklar

Xususan, harbiy qismlarda “Harbiy qismda bir kunim” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni”, “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”, “Uch avlod uchrashuvi” hamda “Men ham kelajakda harbiy boʻlaman” mavzusida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oʻtkazildi.
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida yoshlar harbiy qismlarda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xizmat jarayoni, qurol-aslaha va texnik vositalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar. Bu esa ularda harbiy kasbga boʻlgan qiziqish va hurmatni yanada mustahkamladi.
“Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tadbirida harbiy qism komandirlari va masʻul rahbarlar yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, ularning taklif va muammolarini tingladi. Yoshlarni qiynayotgan masalalar oʻrganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
“Uch avlod uchrashuvi” doirasida soha faxriylari oʻzlarining boy hayotiy va jangovar tajribalari bilan oʻrtoqlashib, yosh avlodni vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi samimiy suhbatlar tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar yoshlar qalbida milliy gʻurur va masʻuliyat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Shuningdek, “Men ham kelajakda harbiy boʻlaman” shiori ostida oʻtkazilgan davra suhbatlarida oliy harbiy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirish tartibi, yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil maʻlumotlar berildi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar tomonidan joylarda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mas’ullar mahalla fuqarolar yigʻinlari, umumtaʻlim maktablari va texnikumlarda boʻlib, yoshlar bilan bevosita muloqotlar oʻtkazmoqda. Ularning muammolari oʻrganilib, joyida hal etish choralari koʻrilmoqda.
Markaziy harbiy okrug harbiy qismlarida yoshlar bilan ishlash boʻyicha olib borilayotgan bunday keng qamrovli va mazmunli tadbirlar yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning Vatanga sadoqat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bu kabi uchrashuv va muloqotlar izchil davom ettirilmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








