Nukusda “Harbiy qismda bir kun” loyihasi tashkil etildi
2026-02-27 10:50:00 / Yangiliklar

Tadbir ochilishida soʻz olgan mutasaddilar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi tizimli ishlar haqida maʼlumot berishdi.
Loyiha doirasida yoshlar harbiy qismning ichki tartib-qoidalari, kunlik rejasi, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, ertalabki saf tortish, jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari hamda nazariy-amaliy jangovar tayyorgarlik jarayonlarida ishtirok etdilar. Shuningdek, qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan xavfsizlik qoidalari va zamonaviy harbiy texnologiyalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar hamda harbiy prokuratura vakillari ishtirokida ochiq muloqot oʻtkazilib, harbiy xizmat jarayonida qonunchilikka rioya qilish, intizom va masʼuliyat masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur loyiha yoshlar uchun muhim hayotiy tajriba maktabi boʻlib, ularning harbiy xizmat haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi hamda kelgusida Vatan himoyachisi boʻlish istagini mustahkamladi.









