“Yoshlar kuni” doirasida “Uch avlod” uchrashuvi o‘tkazildi
2026-02-26 16:40:00 / Yangiliklar

Unda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, soha mutasaddilari, faxriylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning tashabbus va g‘oyalari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, harbiy xizmatga tayyorgarlik jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Faxriylar tomonidan bosib o‘tilgan hayot yo‘li, xizmat faoliyati va orttirilgan tajriba haqida bildirilgan mulohazalar yoshlar uchun muhim hayotiy saboq bo‘ldi.
Tadbir yakunida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni tizimli ravishda o‘rganish hamda amaliy choralar ko‘rish yuzasidan tegishli mas’ullarga vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar ijrosi doirasida tashkil etildi. Xususan, har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” etib belgilanishi yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda amaliy ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati







