Vatan himoyachilari safida bir kun
2026-02-26 15:35:00 / Yangiliklar

Tadbir harbiy orkestrning tantanali chiqishi bilan boshlandi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga sadoqat va daxldorlik ruhida tarbiyalash borasidagi tizimli ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Dastur doirasida ishtirokchilar harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, ichki tartib-qoidalari hamda shaxsiy tarkib uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi. Saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari namoyish etilib, harbiy intizom va jamoaviy hamjihatlikning amaliy ko‘rinishlari ko‘rsatib berildi. Harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan ularning taktik-texnik xususiyatlari, qo‘llanish tartibi hamda mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi o‘rni yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Poligon hududida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar tadbirning eng muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi. Unda yoshlar o‘quv qurollari yordamida o‘q otish mashqlarini bajarib, harbiy xizmat jarayonlarini bevosita sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur jarayon ishtirokchilarning katta qiziqishi va faolligi bilan kechdi. Shuningdek, pichoq uloqtirish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etilib, harbiy xizmatchilarning jismoniy va kasbiy tayyorgarlik darajasi namoyon qilindi.
Tadbir yakunida harbiy qism rahbariyati hamda mas’ul xodimlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, xizmat o‘tash shartlari va yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Janubi – g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







