Bektemir tumanida ayollar uchun bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
2026-02-26 15:30:00 / Yangiliklar

Tibbiy ko‘rik jarayonlari zamonaviy diagnostika vositalari — ultratovush tekshiruvi (UZI) hamda elektrokardiografiya (EKG) apparatlari yordamida amalga oshirildi. Bu esa yurak-qon tomir, ichki a’zolar hamda boshqa kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash imkonini yaratdi. Ko‘riklar belgilangan tartib asosida, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya etilgan holda tashkil etildi.
Tadbirga jalb etilgan malakali shifokorlar — terapevt, otorinolaringolog, xirurg, kardiolog hamda boshqa mutaxassislar tomonidan fuqarolar har tomonlama ko‘rikdan o‘tkazildi. Har bir murojaatchiga individual tibbiy xulosa berilib, aniqlangan holatlardan kelib chiqib zarur tavsiyalar hamda qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarga sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, surunkali kasalliklarning oldini olish, reproduktiv salomatlikni asrash va muntazam profilaktik ko‘rikdan o‘tib borishning ahamiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Qayd etish joizki, tashabbus mahalla aholisi tomonidan iliq kutib olindi. Fuqarolar yashash hududining o‘zida bepul va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilgani, mutaxassislar tomonidan berilgan aniq tavsiyalar salomatlikni tiklash va asrashda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







