Shimolda “Balli ayollar” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichi o‘tkazildi
2026-02-25 19:10:00 / Yangiliklar

Harbiy oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, oila institutini qadrlash, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirishga qaratilgan mazkur tanlovda okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari faol ishtirok etdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar tomonidan milliy liboslar jilosi, qadimiy an’analarimizga xos urf-odatlar, o‘zbekona mehmondo‘stlik san’ati keng namoyish etildi. Shuningdek, tayyorlangan qo‘l mehnati asosida yaratilgan kashtachilik va hunarmandchilik namunalari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
Namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlar orqali harbiy oila bekalarining iqtidor va tashabbuskorligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Ayniqsa, farzand tarbiyasi, oilaviy qadriyatlar va vatanparvarlik mavzusidagi chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tanlov yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng munosib ishtirokchilar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘oliblikni qo'lga kiritgan oila bekasi tanlovning vazirlik bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







