Harbiy xizmat va kasb tayyorgarligi: Vatan himoyachisidan malakali mutaxassisga qadar
2026-02-25 14:15:00 / Yangiliklar

Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar ham, avvalo, Vatan xavfsizligi va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 13 yanvar sanasida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi alohida ahamiyat kasb etdi. Unda mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash bilan birga, harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning kelajagini ta’minlashga qaratilgan muhim vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi.
Unga ko‘ra muddatli harbiy xizmatning yangi modeli joriy etilib, har bir askar xizmatdan qaytganida nafaqat harbiy tajriba, balki aniq kasbiy ko‘nikmalar va hayotiy istiqbolga ega bo‘lishi maqsad qilindi.
Yangi model asosida:
• Har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchilar “Bir million dasturchi” va “Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi” dasturlari doirasida zamonaviy IT va raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitiladi;
• Xizmat davomida oliy ta’lim muassasalariga kirish, sertifikat xarajatlarini qoplash va foizsiz ta’lim kreditlari ajratish imkoniyatlari yaratiladi;
• Harbiy xizmatchilarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish va qo‘shimcha ijtimoiy imtiyozlar berish tizimi kengaytirildi.
Hududlarda ham amaliy ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Masalan, Surxondaryo viloyatida Mudofaa vazirligi va viloyat Kasbiy ta’lim boshqarmasi o‘rtasida memorandum imzolangan bo‘lib, askarlar ikki oylik amaliy kurslarda santexniklik, payvandlash va boshqa kasblarga o‘qitilmoqda. Oddiy askar Dilshodbek Tog‘onboyev santexniklik bo‘yicha mustaqil ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lib, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tajriba orttirdi. Shu bilan birga, Tolibjon Ramazonov payvandlash kasbini, Abduhalil Murotaliyev esa IT sohasida 20 dan ortiq nazariy va amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kasb egallagan harbiy xizmatchilar mehnat bozoriga tayyor, raqobatbardosh kadrlar sifatida kiradi. Bu nafaqat yoshlarning kelajagini kafolatlaydi, balki oilalar daromadini oshirish, iqtisodiyotga malakali mutaxassislar oqimini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish imkonini beradi.
Shu nuqtai nazardan, harbiy xizmat davomida kasbga o‘qitish tashabbusi nafaqat har bir askarning shaxsiy kelajagi, balki davlat xavfsizligi, iqtisodiy rivojlanish va jamiyat barqarorligi uchun strategik ahamiyatga ega. Vatanni qurol bilan himoya qilgan yoshlar, tinch hayotda ham mehnati, bilim va kasbi bilan uni mustahkamlaydi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu tizimli ishlar yoshlarni Vataniga sadoqatli, kasbiy jihatdan malakali va mustaqil kadrlar sifatida tayyorlashga xizmat qilmoqda. Har bir askar nafaqat Vatan himoyachisi, balki jamiyatning rivojida faol ishtirok etuvchi mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








