Ogohlik va mas’uliyat — kiberxavfsizlikning mustahkam qalqoni
2026-02-24 16:30:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuv Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberxavfsizlik bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar hamda axborot xavfsizligi yo‘nalishida mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida raqamli makonda keng tarqalgan kiberjinoyatlar, xususan, shaxsiy va xizmatga doir ma’lumotlarni noqonuniy qo‘lga kiritish, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilayotgan aldov sxemalari atroflicha tahlil qilindi. Real misollar asosida bunday jinoyatlarning kelib chiqish omillari, ularning moddiy va ma’naviy oqibatlari, shuningdek, barvaqt aniqlash va bartaraf etish choralariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan profilaktika, ogohlik va shaxsiy mas’uliyat kiberxavfsizlikning asosiy omili ekani ta’kidlandi. Jumladan, OneID yagona identifikatsiya tizimida murakkab va ishonchli parollardan foydalanish, ularni muntazam yangilab borish hamda ikki bosqichli tasdiqlash funksiyasini faollashtirish zarurligi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, my.gov.uz portali imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xususan, fuqarolar nomiga ruxsatsiz kredit rasmiylashtirilishining oldini olish maqsadida kredit olishga cheklov o‘rnatish tartibi bosqichma-bosqich tushuntirildi.
Uchrashuvda keng ommalashgan Telegram messenjeri orqali tarqatilayotgan zararli APK fayllar, fishing havolalar va boshqa turdagi zararli dasturlar tahdidi yuzasidan ogohlantirishlar berildi. Noma’lum manbalardan yuborilgan fayllarni yuklab olmaslik, shubhali havolalarga kirmaslik, akkaunt ulangan qurilmalarni doimiy nazorat qilish hamda ikki bosqichli himoya tizimini yoqish zarurligi amaliy misollar bilan asoslab berildi.
Bundan tashqari, mobil qurilmalarda zararli ilovalarni aniqlash va xavfsiz tarzda o‘chirish, litsenziyalangan antivirus dasturlaridan foydalanish, operatsion tizim va ilovalarni o‘z vaqtida yangilab borishning ahamiyati yuzasidan aniq tavsiyalar bildirildi. Axborot xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish harbiy intizomning ajralmas qismi ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida axborot makonidagi tahdidlarga qarshi kurashishda har bir foydalanuvchining hushyorligi va mas’uliyati hal qiluvchi omil ekani qayd etildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati





