Yoshlar bilan ochiq muloqot
2026-02-24 16:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi viloyat boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi vakillari, shuningdek oliy ta’lim muassasalari va harbiy qismlardagi yoshlar yetakchilari, yo‘nalish koordinatorlari, “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari hamda tashabbuskor yoshlar qatnashdi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar, Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ilgari surilgan dolzarb masalalar hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati atroflicha tushuntirildi. Ushbu strategik hujjatlarda belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosini ta’minlashda yoshlarning o‘rni va mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, milliy xavfsizlikni mustahkamlash hamda tinchlik va barqarorlikni asrash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatdagi faolligini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
So‘zga chiqqan mutaxassislar tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar, xususan, sifatli ta’lim olish, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish borasidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Muloqot ochiq va konstruktiv ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va mulohazalar tegishli mutasaddilar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi, savollarga asosli va batafsil javoblar berildi.
Sharqiy harbiy harbiy okrug matbuot xizmati








