Harbiy xizmatchilar malakasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2026-02-24 16:10:00 / Yangiliklar

Dastlabki bosqichda tinglovchilarga uchuvchisiz apparatlarning texnik tuzilishi, boshqaruv va aloqa tizimlari, navigatsiya imkoniyatlari, parvoz rejimlari, dasturiy ta’minoti hamda ekspluatatsiya jarayonidagi xavfsizlik talablari yuzasidan batafsil nazariy ma’lumotlar berildi. Shuningdek, real vaqt rejimida olingan ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash va tahlil etish mexanizmlari atroflicha tushuntirildi.
Nazariy bilimlarni mustahkamlash maqsadida zamonaviy simulyatsiya va trenajyor dasturlaridan keng foydalanildi. Turli ob-havo sharoitlari, murakkab relef va shartli taktik vaziyatlar modellashtirilib, operatorlarning stressga chidamliligi, vaziyatni tezkor baholash hamda to‘g‘ri boshqaruv qarorlarini qabul qilish ko‘nikmalari amaliy sinovdan o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarning yakuniy bosqichida amaliy parvozlar tashkil etildi. Maxsus tayyorlangan hududda harbiy xizmatchilar uchuvchisiz uchish apparatlarini mustaqil boshqarib, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshirdi. Amaliy jarayonda nishonlarni aniqlash, koordinatalarni belgilash, kuzatuv olib borish hamda olingan ma’lumotlarni belgilangan markazga uzatish bo‘yicha vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi.
Mutaxassislar tomonidan har bir ishtirokchining tayyorgarlik darajasi baholanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, nazariya, simulyatsiya va amaliyotni uzviy uyg‘unlashtirgan mazkur o‘quv mashg‘ulotlari harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini mustahkamlash, bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish hamda zamonaviy texnologiyalarni qo‘shinlar faoliyatiga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








