Raqamli tahdidlarga qarshi samarali himoya mexanizmlari muhokama qilindi
2026-02-23 17:55:00 / Yangiliklar

Tadbir Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi kiberxavfsizlik bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda boshqaruv apparati harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar vakillari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida axborot makonida uchrayotgan zamonaviy tahdidlar, xususan, shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish, bank plastik kartalaridan noqonuniy foydalanish, ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik sodir etish kabi holatlar atroflicha tahlil qilindi.
Mutaxassislar tomonidan bunday jinoyatlarning oldini olishda profilaktik choralar va shaxsiy ogohlikning o‘rni alohida ta’kidlandi. Shuningdek, “OneID” yagona identifikatsiya tizimida login va parollarni muntazam ravishda yangilab borish, murakkab kombinatsiyalardan foydalanish, ikki bosqichli tasdiqlash tizimini yoqish zarurligi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. My.gov.uz portali orqali fuqarolar nomiga ruxsatsiz kredit rasmiylashtirilishining oldini olish maqsadida kredit olishga cheklov o‘rnatish tartibi batafsil tushuntirildi.
Soha mutaxassislari bugungi kunda keng qo‘llanilayotgan “Telegram” messenjeri orqali tarqatilayotgan zararli “APK” fayllar, fishing havolalar va turli zararli dasturlar xavfi haqida ogohlantirdi. Noma’lum manbalardan yuborilgan fayllarni yuklab olmaslik, shubhali havolalarga kirmaslik, akkaunt ulangan qurilmalarni muntazam tekshirib borish hamda ikki bosqichli himoya funksiyasini faollashtirish zarurligi amaliy misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Bundan tashqari, mobil qurilmalarda zararli ilovalarni aniqlash va ularni xavfsiz tarzda zararsizlantirish usullari, antivirus dasturlaridan to‘g‘ri foydalanish, operatsion tizim va ilovalarni o‘z vaqtida yangilab borish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.
Tadbir yakunida axborot xavfsizligi har bir foydalanuvchining shaxsiy mas’uliyatiga bevosita bog‘liq ekani, ogohlik va ehtiyotkorlik esa kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda eng samarali vosita ekani qayd etildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







