Axborot xavfsizligini mustahkamlash — ustuvor vazifa
2026-02-23 15:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda soha mutaxassislari, axborot xavfsizligi yo‘nalishida mas’ul shaxslar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Dastlab, kiberjinoyatchilikning bugungi kundagi tahdidlari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali tarqatilayotgan zararli dasturlar, fishing havolalar, soxta veb-sahifalar hamda zararli mobil ilovalar orqali amalga oshirilayotgan hujumlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Kiberhujumlarning ishlash mexanizmi, ularning shaxsiy va xizmatga oid ma’lumotlarga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarari aniq misollar asosida tahlil qilindi.
Shuningdek, axborot resurslaridan xavfsiz foydalanish qoidalari, kuchli va murakkab parollardan foydalanish, ikki bosqichli autentifikatsiyani joriy etish, noma’lum manbalardan yuborilgan havola va fayllarni ochmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ijtimoiy muhandislik usullari orqali amalga oshiriladigan firibgarlik holatlari alohida ko‘rib chiqilib, bunday vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish algoritmlari tushuntirildi.
Mutaxassislar tomonidan harbiy xizmatchilarga xizmat faoliyati bilan bog‘liq axborotlarning maxfiyligini ta’minlash, ichki axborot xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish hamda shaxsiy mas’uliyatni oshirish zarurligi ta’kidlandi. Raqamli intizomga amal qilish, ruxsatsiz dastur va qurilmalardan foydalanmaslik, xizmatga oid ma’lumotlarni begona shaxslarga oshkor etmaslik bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob qaytarildi hamda berilgan tavsiya va ko‘rsatmalar harbiy jamoada zamonaviy kiber-tahdidlarga nisbatan barqaror immunitetni shakllantirish, axborot xavfsizligini mustahkamlash va xizmat faoliyatining uzluksiz hamda ishonchli tashkil etilishiga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati





