Qo‘mondonlik bosqichida namunali harbiy oila bekalari aniqlandi
2026-02-23 15:00:00 / Yangiliklar

Tanlovda qo‘mondonlik tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari ishtirok etdi.
Tanlov dasturi puxta ishlab chiqilgan nizom va mezonlar asosida bir necha shartlardan iborat tarzda tashkil qilindi. Unda ishtirokchilarning ma’naviy saviyasi, ijodiy salohiyati, sahna madaniyati, nutq ravonligi, milliy qadriyatlarga hurmati hamda amaliy ko‘nikmalari har tomonlama baholandi.
“Tanishtiruv” shartida ishtirokchilar o‘z oilasi, turmush tarzi, qiziqishlari va hayotiy qarashlari haqida mazmunli hamda ta’sirchan taqdimotlar o‘tkazdi. “Momom kiygan kiyimlar” yo‘nalishida milliy liboslar namoyishi orqali ajdodlarimizning boy madaniy merosi va urf-odatlariga hurmat ifoda etildi. “Pufaklardan gul yasash” hamda “Darts” shartlari bekalarning chaqqonligi, aniqligi, tezkor fikrlashi va amaliy mahoratini sinovdan o‘tkazdi. “Baxru bayt” bellashuvida esa ishtirokchilar badiiy tafakkuri, so‘z boyligi, hozirjavobligi hamda she’riyatga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.
Barcha shartlar belgilangan tartib va vaqt doirasida, ochiq-oshkora hamda shaffof tarzda o‘tkazildi. Hakamlar hay’ati tomonidan chiqishlar tasdiqlangan mezonlar asosida xolisona baholab borildi. Baholash jarayonida har bir ishtirokchining ijodkorligi, tashabbuskorligi, topshiriqlarni bajarish sifati va umumiy tayyorgarlik darajasi inobatga olindi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududida joylashgan harbiy qismda xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i barcha shartlar bo‘yicha eng yuqori ball to‘plab, faxrli birinchi o‘rinni egalladi hamda tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali ravishda taqdirlandi.






