Zamonaviy tahdidlarga qarshi tizimli yondashuv
2026-02-23 15:00:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulot Kiberxavfsizlik bo‘limi mutaxassislari tomonidan olib borilib, unda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilishi mumkin bo‘lgan o‘g‘irliklar, onlayn firibgarlik, ruxsatsiz kirish, ma’lumotlarni noqonuniy qo‘lga kiritish va tarqatish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilarga kiberjinoyatchilikning zamonaviy ko‘rinishlari, ularning amalga oshirish mexanizmlari hamda samarali himoyalanish usullari tizimli ravishda bayon etildi.
Tadbir davomida zararli dasturlar, fishing hujumlari, ijtimoiy muhandislik usullari, shuningdek, maxfiy xizmat ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga qaratilgan tahdidlar real voqealarga yaqinlashtirilgan ssenariylar asosida tahlil qilindi. Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida harbiy xizmatchilar shartli kiberhujumlarni aniqlash, xavf darajasini baholash, tezkor va asosli qaror qabul qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Mashg‘ulotda axborot xavfsizligining nazariy-huquqiy asoslari, lokal tarmoqlarda xavfsizlikni ta’minlash mexanizmlari, axborot resurslarini segmentatsiya qilish va nazorat qilish usullari keng yoritildi. Inson omilining axborot xavfsizligidagi o‘rni alohida ta’kidlanib, xizmat faoliyatida mas’uliyat, ogohlik va intizomning ustuvor ahamiyati qayd etildi.
Shuningdek, xizmat telefonlari va kompyuter texnikasidan foydalanish qoidalari, maxfiy ma’lumotlarni saqlash va uzatishda belgilangan talab va me’yorlarga qat’iy rioya etish zarurligi yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Ishtirokchilarga kuchli parol siyosatini joriy etish, ikki bosqichli autentifikatsiyadan foydalanish, litsenziyalangan antivirus dasturlarini qo‘llash hamda himoyalangan aloqa kanallaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, globallashuv va raqamlashtirish jarayonlari jadallashayotgan bugungi sharoitda axborot xavfsizligini ta’minlash har bir harbiy xizmatchining bevosita xizmat majburiyatlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, “Kiberxavfsizlik” oyligi doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar shaxsiy tarkibning axborot tahdidlariga nisbatan barqaror immunitetini shakllantirish, milliy axborot makonini ishonchli himoya qilish hamda xizmat faoliyatida zamonaviy xavfsizlik standartlarini izchil joriy etishga xizmat qilmoqda.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







