Sportchilar va yoshlar uchrashuvi: Namanganda sport va vatanparvarlik ruhi namoyon bo‘ldi
2026-02-20 19:55:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida Markazning xalqaro va respublika musobaqalarida munosib natijalarga erishib kelayotgan taniqli sportchilari hamda tajribali murabbiylari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda sportning inson hayotidagi o‘rni, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashdagi ahamiyati, shuningdek, yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida atroflicha fikr almashildi. Sport orqali yoshlar qalbida iroda, matonat, intizom, mardlik va Vatanga sadoqat kabi yuksak fazilatlar shakllanishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida belbog‘li kurash, taekvondo, karate va boks sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Harbiy sportchilarning yuqori jismoniy tayyorgarligi, texnik mahorati va jangovar ruhi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, sportchilarning chiqishlari katta qiziqish bilan kutib olindi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, ularni muntazam sport mashg‘ulotlariga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk va Vatan himoyasiga hamisha tayyor insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.







