Xorijiy tillarni samarali o‘qitish bo‘yicha amaliy va nazariy tavsiyalar master-klassda taqdim etildi
2026-02-18 17:35:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir zamonaviy ta’lim va til o‘qitish sohasida ilg‘or qarashlari bilan tanilgan, yoshlar ta’limi hamda ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan malakali mutaxassis Umidjon Ishmuhammedov tomonidan olib borildi. Master-klass davomida xorijiy tillarni o‘qitishda samarali metodlarni qo‘llash, tinglab tushunish, o‘qish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish, shuningdek, harbiy ta’lim tizimida til kompetensiyalarini shakllantirishning o‘ziga xos jihatlari atroflicha yoritib berildi.
Tadbir jarayonida interaktiv usullar, kommunikativ yondashuv, zamonaviy raqamli platformalar va ta’lim texnologiyalaridan foydalanishning afzalliklari misollar asosida tushuntirildi. Xorijiy tillarni o‘qitishda til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish, mustaqil ta’limni tashkil etish, o‘quv jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Universitet shaxsiy tarkibi master-klassda faol ishtirok etib, xorijiy tillarni puxta egallash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy harbiy mutaxassis uchun zarur bo‘lgan kasbiy til kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar hamda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga asosli va batafsil javoblar oldi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti matbuot xizmati









