Temurbeklar maktabi o‘quvchilari xalqaro olimpiadada yetakchilar safidan joy oldi
2026-02-17 20:50:00 / Yangiliklar

Tanlov jarayonida ishtirokchilar ingliz tili bo‘yicha nazariy bilimlari, og‘zaki va yozma nutq madaniyati, muloqot kompetensiyasi hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Kuchli raqobat va qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tgan olimpiada yakunlariga ko‘ra, litsey o‘quvchisi Abdurauf Abdubannopov alohida faolligi va yetakchilik qobiliyati bilan ajralib turdi. U “Eng yaxshi jamoa kapitani” nominatsiyasida faxrli 3-o‘rinni egallab, hakamlar hay’ati va ishtirokchilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, umumjamoa hisobida Farg‘ona temurbeklar maktabi harbiy akademik litseyi jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Mazkur yutuq yosh temurbeklarning puxta bilimga, mustahkam tayyorgarlikka hamda yuksak intilish va intizomga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi. Qolaversa, ushbu natija ta’lim muassasasida olib borilayotgan tizimli o‘quv-tarbiyaviy ishlar, zamonaviy pedagogik yondashuvlar hamda o‘qituvchilarning fidokorona mehnati samarasi ekanini ko‘rsatadi.
G‘olib o‘quvchilarni tantanali kutib olish marosimi Marg‘ilon shahridagi temir yo‘l vokzalida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tadbirda litsey rahbariyati, mas’ul xodimlar, pedagoglar jamoasi, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Harbiy orkestr ijrosidagi tantanavor kuy-qo‘shiqlar sadolari ostida g‘oliblar iliq qarsaklar va samimiy tilaklar bilan qarshi olindi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yoshlarning erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





