Toshkentda antidron texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi
2026-02-17 18:40:00 / Yangiliklar

Forumda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, kuch tuzilmalari vakillari, diplomatik korpus a’zolari hamda Misr Arab Respublikasining Eagles International for Defense Systems kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbir doirasida so‘nggi yillarda global miqyosda kuzatilayotgan xavfsizlik tahdidlari, xususan, uchuvchisiz uchish apparatlaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq real xavf-xatarlar tahlili asosida ishlab chiqilgan yangi avlod antidron tizimlari keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Taqdimot jarayonida ishtirokchilarga tizimlarning aniqlash, identifikatsiya qilish, radioelektron bostirish hamda neytrallash imkoniyatlari real vaqt rejimida namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan qayd etilganidek, mazkur ishlanmalar zamonaviy tahdidlarning dinamik xususiyatini inobatga olgan holda yaratilgan bo‘lib, ular strategik va muhim infratuzilma obyektlarini kompleks himoya qilishga qaratilgan.
Forum davomida O‘zbekistonning mudofaa-sanoati salohiyatini mustahkamlash, yuqori texnologiyalar transferini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, texnologik suverenitetni ta’minlash, mahalliy innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni xalqaro bozorga olib chiqish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar tomonidan mamlakatda so‘nggi yillarda strategik ahamiyatga ega obyektlarni ishonchli himoya qilish, xavfsizlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda ilg‘or raqamli yechimlarni amaliyotga keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar alohida e’tirof etildi. Qayd etilishicha, bunday forumlar tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari hamda EAS kompaniyasi rahbariyati tomonidan eksklyuziv intervyular berilib, ishlab chiqilgan mahsulotlarning texnik ustunliklari, ularning eksport salohiyati va istiqboldagi qo‘shma loyihalar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar maxsus tashkil etilgan shourum orqali kompaniya mahsulotlari liniyasi bilan yaqindan tanishish, texnologik yechimlarning funksional imkoniyatlarini amalda ko‘rish hamda mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







