Surxondaryoda vatanparvarlik ruhidagi konsert tashkil etildi
2026-02-16 12:30:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli ijodkorlari yurtimiz madhiga aylangan kuy-qo‘shiqlarni taqdim etib, milliy san’at an’analari bilan yo‘g‘rilgan raqslar va Vatan hamda xalq manfaati yo‘lida xizmat qilayotgan harbiylarga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi. Jonli ijroda yangragan kuy-qo‘shiqlar harbiylarning qalbiga o‘ziga xos kuch, ruhiy turg‘unlik va g‘urur bag‘ishladi. Ayniqsa, Vatan himoyachilariga atalgan qo‘shiqlarning kuchli ruhiy ohangi sahnada o‘zgacha muhit yaratdi.
San’atkorlarning mahorat bilan jonlantirgan milliy raqslari va kuylarning jarangdorligi tomoshabinlarda ma’naviy zavq uyg‘otdi. Harbiy xizmatchilar ushbu chiqishlar orqali Vatan xizmatining naqadar sharafli ekanini yana bir bor chuqur his etdi. Shuningdek, tadbir davomida oila a’zolari ham sahnada namoyish etilgan chiqishlar orqali harbiylarga bo‘lgan hurmat va minnatdorliklarini bildirishi imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Konsert so‘ngida harbiy xizmatchilar va tadbir ishtirokchilari ansambl jamoasiga mazmunli, ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etgan chiqishlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Ular bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar shaxsiy tarkibning ruhiy-ma’naviy tayyorgarligini mustahkamlashda, xizmat jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati






